65fc28fce2d4791f00205.jpg

Xalq ta’limi vazirligida Sixclouds kompaniya delagatsiyasi, startap bosh direktori va muassisi Richard Vun boshchiligida uchrashuv bo’lib o’tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar beradi.

Singapurlik delegatsiya ayni vaqtda Malayziya, Singapur va Xitoyda foydalaniladigan o’quv platformasini taqdim etdi.

Sixclouds’ning rivojlanish bo’yicha bosh mutaxassisi Benson Lek IGNITE onlayn platformasi Singarpur o’quv modeliga asoslanishini qayd etdi. U shuningdek, IGNITE platformasi bolalarning maktabdan tashqari o’quv tashkilotiga yo’naltirilgan va ayni vaqtda ingliz tili va metematikani o’rganish bo’yicha dasturni taklif etishini ham aytib o’tdi.

Lekning fikricha, bu ikki fan bolalarning kelajagi uchun muhim hisoblanadi. Istalgan mobil qurilma yoki kompyuter orqali bu platformadan foydalanish mumkin.

IGNITE platformasi doirasidagi darslar animatsiyalar tarzida yaratilgan bo’lib, bolalarga qiyin mavzularni ham o’zlashtirishga yordam beradi. Bunda tizim boshqa oila a’zolarini ham o’quv jarayoniga jalb etishi mumkin.

Startap vakillari tez orada platforma imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilganlarini, dasturlash va qo’shimcha xizmatlardan iborat yangi kurslarni ishga tushirishlarini aytib o’tdilar.

Kompaniya bosh direktori Richard Vun kompaniyaning O’zbekistonda ofisini ochishga qaror qilganini va turli tijorat loyihalari bilan birgalikda yurtimizda o’z ta’lim platformasini ishga tushirishini ma’lum qildi.

Muzokaralar davomida Xalq ta’limi vazirligi va Sixclouds hamkorlikning istiqbolli yo’nalishlarini muhokama qildilar hamda IT-texnologiyalar yordamida O’zbekiston aholisiga sifatli ta’lim xizmatini ko’rsatish bo’yicha kelishib oldilar.